22/06/2026
“O‘zbekgidroenergo” AJ xodimlari IFRS bo‘yicha o‘quv seminarida ishtirok etmoqda
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati xodimlarining xalqaro moliyaviy hisobot standartlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida PwC auditorlik kompaniyasi tomonidan o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur seminar Gruziya Respublikasining Tbilisi shahrida joylashgan PwC ofisida o‘tkazilmoqda. Unda Jamiyatning moliyaviy hisobot, buxgalteriya hisobi, audit hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlari yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Seminar davomida ishtirokchilar xalqaro moliyaviy hisobot standartlarining amaliy qo‘llanilishi, moliyaviy hisobotlarni tayyorlash jarayonidagi muhim jihatlar, konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar, aktivlar va majburiyatlarni baholash, shuningdek auditorlik tekshiruvlari jarayonida e’tibor qaratiladigan asosiy masalalar yuzasidan bilim va tajriba almashmoqda.
PwC mutaxassislari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari amaliy misollar asosida olib borilmoqda. Bu esa “O‘zbekgidroenergo” AJ xodimlarining IFRS bo‘yicha kasbiy salohiyatini oshirish, moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan moliyaviy shaffoflikni oshirish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini izchil joriy etish hamda xalqaro hamkorlar bilan samarali aloqalarni rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur o‘quv seminari Jamiyat mutaxassislarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, xalqaro tajribani o‘rganish hamda kelgusida moliyaviy hisobotlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.