16/06/2026
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tanlov eʼlon qiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi oʻz Ustavining 45-bandiga muvofiq quyidagi ilmiy muassasalar direktorlari lavozimiga tanlov eʼlon qiladi:
Fizika-matematika va texnika fanlari yoʻnalishi boʻyicha:
Yadro fizikasi instituti
S.Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti
Materialshunoslik instituti
Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti
V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Astronomiya instituti
M.T.Oʻrozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti
Gʻ.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti
Energetika muammolari instituti
Konstruktorlik byurosi va tajribaviy ishlab-chiqarish ilmiy-texnik markazi
RT-70 rasadxonasi
Kimyo-biologiya, tibbiyot fanlari yoʻnalishi boʻyicha:
Umumiy va noorganik kimyo instituti
O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti
S.Yu.Yunusov nomidagi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti
Mikrobiologiya instituti
Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti
Immunologiya va inson genomikasi instituti
Botanika instituti
F.N.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bogʻi
Zoologiya instituti
Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi
Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti
Genomika va bioinformatika markazi
Ilgʻor texnologiyalar markazi
Xalqaro allergologiya markazi
Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishi boʻyicha
Tarix instituti
Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti
Sharqshunoslik instituti
Sanʼatshunoslik instituti
Antropologiya instituti
Davlat va huquq instituti
Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi
Temuriylar tarixi davlat muzeyi
Navoiy nomidagi Adabiyot davlat muzeyi
Mintaqaviy va hududiy boʻlimlar
Navoiy boʻlimi
Xorazm Maʼmun akademiyasi
Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti
Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari direktorligiga nomzodlar muhim ilmiy muammolarni hal etish orqali fanni boyitgan yoki fanni rivojlantirishning yangi yoʻllarini belgilash va ilmiy maktab asoslarini yaratish imkonini bergan muhim ilmiy natijalarga erishgan yetakchi va tashkilotchi olimlar – fan doktorlari orasidan koʻrsatiladi.
Bunda Fanlar akademiyasi ilmiy muassasasi rahbarligiga nomzodlar koʻrsatish jarayonida va tanlovning barcha bosqichlarida ularning soʻnggi 5 yil mobaynidagi ilmiy faoliyati samaradorligi va natijadorligiga eʼtibor qaratiladi.
Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Fanni salmoqli ilmiy ishlari bilan boyitgan, respublikaning ilmiy tashkilotlari va oliy taʼlim muassasalarida samarali ilmiy faoliyat olib borayotgan 65 yoshgacha boʻlgan fan doktorlari boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega va kamida soʻnggi 5 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasida doimiy ishlagan boʻlishi;
kamida fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlishi;
ilm-fanning muayyan sohasida ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan, fanni shaxsan oʻzining salmoqli ilmiy natijalari bilan boyitayotgan olim boʻlishi;
joriy etilgan ishlanmalarga egaligi va amaliyotda foydalanilishida bevosita ishtirok etgan boʻlishi;
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning ilmiy rahbari ekanligi yoki soʻnggi yillarda shu yoʻnalishdagi ilmiy loyihalarga rahbarlikni amalga oshirgan boʻlishi;
xorijiy va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi loyihalarda rahbar boʻlishi yoki ularning bajarilishida ishtirok etishi bilan baholanadi.
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari rahbarligiga nomzod koʻrsatish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
nomzodning tarjimayi holi;
maʼlumotnoma (obyektivka);
pasport yoki ID karta nusxasi;
3.5x4.5 sm oʻlchamdagi 4 ta fotosurat;
tasdiqlangan mehnat daftarchasining nusxasi;
fan doktori diplomi, mavjud boʻlsa professor attestati nusxalari;
ilmiy ishlarning tasdiqlangan roʻyxati;
xorijda va Oʻzbekistonda nashr etilgan monografiyalar, darslik va oʻquv qoʻllanmalarning 1-2 va oxirgi betlaridan nusxa;
xalqaro, xorijiy va mahalliy patentlarning nusxalari;
nomzod tomonidan fanning muayyan sohasi rivojiga qoʻshgan hissasi, fanni shaxsiy ilmiy yutuqlar va xalqaro ahamiyatga molik natijalar bilan boyitilganligi, shuningdek, uning ilmiy-tashkiliy faoliyati haqidagi maʼlumotnoma (1 bet, 12 pt, Times New Roman shriftida).
Nomzodlarning hujjatlari Fanlar akademiyasining Ilmiy kadrlar boʻlimiga 2026-yilning 15-iyuligacha qogʻoz va elektron variantda quyidagi manzilga topshiriladi:
100047, Toshkent shahri, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Ya.Gʻulomov koʻchasi,70 uy, 315-xona, tel.: (71) 236-77-07.